Oʼzbekistonning dongʼi chiqmagan maskanlari: Qirq qiz bulogʼi nega koʼz yosh toʼkadi yohud qirq nafar qizning koʼz yoshlari
Xushmanzara Oʼzbekistonning togʼ etaklarida, toʼgʼrirogʼi Chortoq tumanida Gulshan nomli kichik qishloq bor. Qishloqning chang yoʼllari, somon uylari, devorlari soya solib turadigan tor koʼchalari ilhombaxsh. Har bir devor ortida katta bogʼlar barpo etilgan.
Qishloqning eng baland nuqtasidan tekislikning ajib manzarasi namoyon boʼladi. Doʼnglik yaqinida kichik chuqur joy bor. Bu yerda baxmaldek mayin mox bosgan gʼor hosil boʼlgan. Gʼor devorlaridan esa har qanday havoda suv tomchilab turadi. Bu tomchilar xuddi qizlarning koʼz yoshlariga oʼxshaydi.
Аfsonalarning guvohlik berishicha, toshlar bilan toʼsilgan gʼor devorlari ichida begona koʼzlardan yashiringan 40 nafar sohibjamol qiz oʼtiradi. Ular podshoh haramining asiralaridir. Koʼp yillar ilgari quyoshli kunlarning birida qizlar buloq yaqinidagi daraxtlar soyasida xursandchilik qilayotgan ekan. Kutilmaganda osmon qorayib, yer titroqqa tushgan hamda bahaybat qora dev yer ostidan chiqib kelgan. Qizlar esa gʼor ichiga yashiringan. Oxirgi asira gʼorga kirishi hamon, yer silkinib gʼorning ogʼzi katta-katta toshlar bilan toʼsilib qolgan. Shu tariqa 40 sohibjamol qiz umrbod gʼor ichida qolib ketgan. Faqat suv tomchilari gʼor devorlaridan sizib chiqib turadi, ular xuddi taqdiridan nolib yigʼlayotgan qizlarning koʼz yoshlariga oʼxshaydi. Gʼor tepasidagi qari jiyda daraxtining yalangʼoch shoxlari rang-barang tasmalar bilan bogʼlangan. Bu qadimiy sharqona urf-odat: odamlar muqaddas daraxt shoxlariga niyat qilib tasma bogʼlashadi. Ular bu joyning sehrli kuchi orzularning ushalishiga yordam berishiga ishonadilar.
Buloq yonidagi tepalikda aholi yashaydigan uylar ham bor. Bu yerda bir nechta avlodlar qoʼnim topib kelmoqda: xonadonlarning birida buvi, uning kelinlari, nevaralari va evaralari birga kun kechiradi. Xolbuvaxon Nurboeva 1942 yilda tavallud topgan. Momoning 6 nafar farzandi va 30dan ortiq nevaralari bor. Evaralari sonini esa eslay olmaydi hatto.
Xolbuvaxon ayaning aytishicha, 40 qiz haqidagi afsona toʼqib chiqarilgan. Butun qishloqda birgina odam, yaʼni uning qaynotasi ushbu joyning asl sirini bilgan. Lekin bu haqda hech qachon sir boy bermagan. Faqat gʼor ichida baquvvat kuch borligiga doimo ishora qilgan. Аfsuski, sehrli buloqning haqiqiy sirini qaynotasi oʼzi bilan birga narigi dunyoga olib ketgan. Bir necha yil avval ikki notanish inson bu yerdan pul ishlamoqchi boʼlib, atrofga supa va manqallarni joylashtirib, ziyoratchilarga soliq solishni ham oʼylab qoʼyishgan ekan. Uch kun oʼtib esa, barcha yot buyumlar gʼoyib boʼlgan va «tadbirkorlar» boshqa qorasini ham koʼrsatmagan. Keyinroq mahalliy aholining aniqlashicha, bu kimsalar nomaʼlum teri kasalligiga chalinib, gʼarazli maqsadlari uchun oʼz jazolarini olishgan ekan.
— Faqatgina sof niyatli insonlarning tilaklari ijobat boʼladi, — deydi ishonch bilan Xolbuvaxon aya.— Bu joy chindan ham sehrli. Koʼp ayollar kelib, Yaratgandan farzand soʼrashadi. Qanchalik kuchli va chin dildan ibodat qilsang, nolalaring shunchalik tezroq yetib boradi.
Koʼp yillar ilgari uning Hakimjon ismli uch yoshli oʼgʼli Qirq qiz bulogʼi oldida oʼynab yurgan ekan. Oʼsha payt buloq yoniga Shomurod va Robiyaxon ismli er-xotin yaqinlashibdi. Ular «Chortoq» sihatgohida dam olayotgan ota-onasini koʼrgani kelishgan ekan. Tabiiyki, ziyoratgohlar yosh juftlikning diqqatini tortgan. Robiyaxon uzoq vaqt davomida homilador boʼla olmagan, shuning uchun ham Qirq qiz bulogʼiga kelishga ahd qilgan. Niyat qilib turishsa, loyga belangan haligi kichkintoyni koʼrib qolishgan.
— Robiya, axir farzand soʼragan edingiz-ku? Qarang, qanday shirin bola! Keling, uni olib qochib ketamiz,— deya hazillashgan Shomurod.
Er-xotin bolakayning oldiga kelib, uni yuvintirib qoʼyishgan va qaerda yashashini soʼrashgan. Hakimjon esa qoʼli bilan tepalikdagi uyini koʼrsatgan. Shu tariqa Xolbuvaxon aya bilan ham tanishib olishgan. Mehmonlarini kuzatayotib, mezbon Yaratgandan bu juftlikni tirnoqqa zor qilmasligini soʼrab, ortidan duo qilib qolgan.
Roppa rosa uch yil oʼtib, Xolbuvaxon ayaning darvozasi taqqillab qoladi. Ostonada Robiya bilan Shomurod qoʼllarida farzandi bilan turar edi. Oʼgʼliga esa Xolbuvaxon ayaning farzandinikiday, Hakimjon deb ism berishibdi. Oʼzbekistonning turli chekkalarida yashovchi bu oilalar keyinchalik qalin doʼst boʼlib ketishdi. Uzoq Xorazmdan kelgan Robiya va Shomurodlar har gal Chortoqqa kelganida, albatta bu xonadonga kirishadi. Xolbuvaxon aya supa ustida oʼtirib hikoyasiga guvohlik beruvchi eski suratlarni bizga koʼrsatadi. Bu rasmlarga bir necha oʼn yillar boʼlgan, chunki Hakimjonning bolalari allaqachon ulgʼayib, oʼz oilalarini barpo etishgan. Lekin niyatlar ijobati va doʼstlik hikoyasi hali ham yashamoqda. Oilalarning Chortoqqa bepushtlikni davolash uchun kelishlari haqida nuroniylarimiz, mahalliy aholi va qolaversa, tibbiyot xodimlari ham gapirib berishadi. Oddiy odamlar esa afsonalaru hikoyalarni yetkazishadi. Tibbiyot xodimlarining aytishicha, Chortoq mineral suvining tarkibi tufayli, u inson organizmiga yaxshi taʼsir qiladi Balki Namangandagi bu kichkinagina qishloqda gʼayritabiiy kuchlar va tabiatning bor moʼʼjizalari jamlangandir?
Bugun ham Qirq qiz bulogʼi yuzlab yil ilgarigiday yashil mox uzra koʼz yosh toʼkadi. Niyat va iltijolar qilib tugunlarga bogʼlangan rang-barang tasmalar esa shamolda xilpirab turibdi. Аgar bilsangiz, ayollar hali ham Chortoqqa homilador boʼlib, farzand koʼrish istagida kelishadi.
Keyingi tarix