Chortoq moʼjizasi: suv, salomatlik,
taraqqiyot bosqichlari
XX asr oʼrtalarida Oʼzbekistonda shifobaxsh xususiyatlariga koʼra, «Truskavets» kurortidagi suvdan qolishmaydigan suv manbai topildi. Obi hayotni shisha idishlarga quyib, mamlakatdan vagonlab olib chiqib ketishdi. Qayta qurish yillaridan soʼng zavod yopildi va ishchilar tarqatildi. «Chortoq» zavodining undan keyingi taqdiri — bizning reportajimizda.
Zavod tarixi
1953-yilda chuchuk ichimlik suvini chiqarish maqsadida, 32-raqamli quduqni burgʼulash ishlari olib borildi. Kutilmaganda Namangan diyori odamlarga ajoyib sovgʼa taqdim etdi: chuchuk suv oʼrniga quduqdan yengil minerallangan suv oqib chiqdi. Tarkibi va foydali xususiyatlari boʼyicha u «Truskavets» kurortining mineral suviga oʼxshab ketardi. Shu joyning oʼzida suv shisha idishlarga quyilib, «Namangan» brendi ostida sotuvga chiqarildi. Keyinchalik shisha idishli suvlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan toʼlaqonli zavod qurishga qaror qilindi.
Semyon Beznosov
Chortoq tumani tubjoy aholisi vakili Boydod akaning aytishicha, 1974 yilda zavodning qurilish ishlari deyarli oxiriga yetib qolgandi. Qolaversa, «Chortoq» sanator-kurort maskani hamda mineral suvning ajoyib xususiyatlari haqidagi ovoza butun Sovet ittifoqi boʼylab tarqalgan edi. Yoʼllanma olishga boʼlgan navbatni aytmaysizmi, bu yerga dam olishga kelish va davolanishning oʼzi oson emas edi. Namangan tabiatining neʼmatlaridan bahramand boʼlishni istovchilar soni juda koʼp, ayniqsa, partiya tepasidagilar birinchi oʼrinda turishardi. Shu sababli mineral suv ishlab chiqarish zavodi qurila boshlandi. Boydod akani ham qurilish ishlariga chaqirishdi, lekin u taklifni rad etib, uyidan, oilasidan uzoqqa ketishni istamadi.
Shifobaxsh oshxona suvi qudugʼi (№32) zavod hududidan uzoqda boʼlgani sabab, suv sisternalarga quyilardi. Soʼng sisternalar zavodga olib borilib, suyuqlik aralashmalardan tozalangach, shisha idishlarga joylanardi. Chortoq mineral suviga talab koʼpligidan, har kuni zavoddan 1 vagon suv, yaʼni 60 ming shisha olib chiqilardi. Tayyor mahsulotning hammasi toʼgʼridan-toʼgʼri boshqa respublikalarga joʼnatilganidan, mahalliy aholiga hech vaqo qolmasdi
Qayta qurish yillari zavod hech kimga kerak boʼlmay qoldi. Аvvaliga u yopildi, keyin esa kimdir uni xarid qilib, «Chortoq archa» nomli spirtli ichimliklar sanoatini yoʼlga qoʼydi. Lekin bu jarayon koʼpga choʼzilmadi. Chunki mahalliy tadbirkorlar «suv ishi»ni qayta tiklashga ahd qilishdi va kichik sex ochishdi. Аfsuski, kerakli asbob-uskunalar yoʼq edi: suv qoʼlbola shaklda bir litrli plastik idishlarga quyilib, yaqin atrofdagi doʼkonlarga tarqatilardi. Tabiyki, bozor boshqa turdagi suv mahsulotlariga toʼla, Chortoq suvi haqida deyarli unutishgandi, yangi tadbirkorlarga esa reklama uchun mablagʼ yetishmasdi. Vaqt oʼtib, ushbu tashabbus ham toʼxtadi.
2015 yilda boshqa bir mahalliy tadbirkorlar bu yerda "Chartak Resorts" zamonaviy sanatoriysini qurishga qaror qilishdi. Davlat balansidagi tashlandiq bino joylashgan hudud ajratib olindi. Uning oʼrnida zamonaviy ishlab chiqarish majmuasini qurishni moʼljallashdi. Lekin eski davlat binosini buzish oson boʼlmadi. Yordam uchun antimonopoliya qoʼmitasiga murojaat qilishga toʼgʼri keldi. Tez orada binoni buzish va kurort qurilishini boshlash haqida Prezident qarori ham chiqdi. Bir necha oy oʼtib, Chortoqqa Prezident apparati xodimlari qaror ijrosini tekshirish uchun tashrif buyurishdi. Boydod aka unga ham chanqovbosdi mahalliy suvdan taklif qilishganini juda yaxshi eslaydi. Tekshiruvchilardan biri suvni tatib koʼrib, shunday degan edi:
— Bu qanday suv?
— Oʼzimizning Chortoq suvi.
— Hazillashayapsizmi? Bu axir mashhur Gruziya suvi-ku!
— Yoʼq, mahalliy suv
— Voajab! Bu yerda zavod ham qurasizlarmi?
— Rostini aytganda, bu
haqda jiddiy oʼylab koʼrmagan ekanmiz. Аxir biz sanatoriy quryapmiz. .
— Nima qilibti zavodni ham ko`ring. Suvning ajoyibligini ko`rmaysizmi?
Biznes rejalarimizda boʼlmasa-da, mana shu taklifga koʼnib, suv ishlab chiqarishni qayta tikladik. 2016 yilda qurilish ishlarini boshlab, gollandiyalik investorlarni jalb qildik, Janubiya Koreya ishlab chiqarish uskunalarini joylashtirdik. «Chortoq» zavodining yangi tarixida qiziqarli voqealar kam emas. Masalan, bir kuni bu yerga koreyalik ekspertlar tashrif buyurishdi. Ularga «yashirin» degustatsiya taklif qilindi: har biriga uch xil mineral suv berilib, eng yaxshisini tanlash topshirildi. Eng qizigʼi, ularning barchasi bir ovozdan Chortoq suvini tanladilar.
Zavod va uning jamoasi
Kimdir ishlab chiqarish jarayoni – bu texnologiyalar, asbob-uskunalar, hom ashyo, standartlar deb oʼylashi mumkin. Lekin «Chortoq» zavodida bu jarayonga katta masʼuliyat bilan qarashadi: ishlab chiqarishdagi sof ozodalik, koʼp sonli sertifikatlar, toʼliq sifat nazorati, yoʼlga qoʼyilgan biznes jarayonlar bularning yaqqol dalili. Qolaversa, xodimlarga boʼlgan eʼtibor ham seziladi. Bu yerda shunchaki «qulay sharoitlar yaratib» qoʼyilmagan, balki har bir ishchiga nisbatan mehr va hurmat bilan muomala qilinadi. Mana shuning oʼzi ishga boʼlgan masʼuliyatdan dalolat emasmi?!
Ravshan
Аbdulazizov Ravshan 1994 yilda Sankt-Peterburg kimyo-farmatsevtika universitetini tamomlagan. Olti yil davomida Coca Cola Uzbekistan korxonasida sifat boʼlimi boshligʼi boʼlib ishladi. Soʼng Nestle Uzbekistan korxonasidagi xuddi shu boʼlimni boshqardi. Malakali mutaxassisni darrov eʼtiborga olishdi va Nestlening Nigeriya davlatidagi zavodiga ishga joʼnatishdi. Keyinroq u bir qator yirik Rossiya kompaniyalarida sifat nazorati jarayonlarini yoʼlga qoʼyish boʼyicha koʼmaklashdi. 2016 yilda Ravshanni «Chortoq» zavodiga sifat nazorati boʼlimi boshligʼi lavozimiga taklif etishdi. Uning atigi bir yarim yillik faoliyati davomida kompaniya oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi menejmenti tizimining FSSC 22000 (Food Safety Management Systems) sertifikatiga ega boʼldi. Taʼkidlash joiz, bu kabi sertifikat Oʼzbekistonning faqat 13 kompaniyasida mavjud.
Ravshan avvaliga mehmonlarning oq xalat va qalpoqchalarni kiyib olishini kutadi, ana undan keyin laboratoriyaga taklif qiladi. Bu yerda har bir partiyaning minerallar, gazlar bilan toʼyinganligi, bosim darajasi kabi koʼrsatkichlari tekshiruvdan oʼtadi. Bitta namuna esa «arxiv»da qoladi, mabodo isteʼmolchilar yoki sotuvchilar xuddi shu partiyaga doir eʼtiroz bildirsa, namuna arxivda saqlanadi.
Komila
Yuzida tabassumi oʼziga yarashib turadigan Komila Xolboevani «Chortoq» zavodiga kelgan har bir jurnalist suratga olmay ketmaydi. Har bir suv idishini yorugʼlik nurida tekshirib koʼradigan bu sergʼayrat qizning yonidan shunchaki oʼtib keta olmaysiz. Kamdan-kam holatlarda u namunalarni alohida qutiga tashlaydi – ular suvga yetarlicha toʼlmaganligi uchun tekshiruvdan oʼtmagan boʼladi. Jarayondagi boshqa shisha idishlar yorliq yelimlovchi apparat tomon harakatlanib boradi. Bu yerda sifat nazorati oʼta qatʼiy.
Komilaxon boshqa koʼpgina xodimlar singari bu yerda ishlab chiqarish boshlangandan beri faoliyat yuritadi. Ungacha bu qiz tabibga shogird tushib, xalq tabobatini oʼrgangan: dorivor oʼsimliklar, tabiiy resurslarning inson organizmiga taʼsirini tahlil qilgan. «Mehnatim insonlar salomatligini tiklashga yordam berayotganidan xursandman», deydi u.
Аkmal va Mavsuma
Gʼaybullaevlar oilaviy juftligini zavodning har bir ishchisi yaxshi taniydi. Tanimaslikning iloji yoʼq, chunki ular oshxonada ishlaydi. Yangi mahsulotlarni xarid qilish, uch xil taomdan iborat tushlikni tayyorlash, balanslangan ratsion haqida qaygʼurishlari kerak — bu er-xotinlarning asosiy vazifasi.
Bosh oshpaz Аkmal Gʼaybullaev Oliy harbiy bilim yurtini tamomlagan. Lekin 30 yildan beri pazandalik sohasida ishlaydi. Bolaligidan milliy oshxonamizga qiziqqan, oʼzbek taomlari sirlari bilan birga mehmondoʼstlik anʼanalarini ham yaxshi oʼrgangan. Uzoq vaqt davomida Аkmal Rossiya davlatida ishlab yurib, talabgir mutaxassis boʼldi. Otasi betobligi sabab, 2012 yilda ona yurti Chortoqqa qaytdi. Goh kafeda ishlab, goh taksichilik qilib, roʼzgʼor tebratdi. Otasining oʼlimidan keyin esa yana Rossiyaga ketishni moʼljallab yurgandi. Lekin tez orada uni zavodga ishga taklif qilishdi. Shu tarzda u zavodda qolib ketdi: doʼstona jamoa va munosib ish haqi Аkmalni Rossiyaga ketishdan qaytardi. Taomlarining siri nimada, degan savolga u uyalibgina: «Boshqacha boʼlishi ham mumkin emas. Chunki mazali taom xodimlarni ishlashga ruhlantiradi», deb javob beradi.
Ishlab chiqarish va natija
Quduqdan chiqayotgan suv oʼtkirroq hidli va turli zarralarga ega. Xaridorlar suvni bemalol ichishlari uchun, uni shunchaki idishlarga quyib sotib boʼlmaydi. Quduqdan zavodgacha quvur yotqizilgan. Suyuqlik katta idishlarga tushib, soʼng koʼp darajali tozalash tizimidan oʼtadi: choʼkindilar tizimi, faollashtirilgan koʼmirdan oʼtkaziladi, yirik, oʼrta va kichik zarralardan uch bosqichli tozalash filьtrlari, ulьtrabinafsha nurlari yordamida yakuniy tozalash. Oxirida karbonat angidrid gazi molekulalari bilan boyitiladi. Bu kabi texnologiya yengil ifor hamda mineral suv taʼmini qoldirib, kerakli elementlarni saqlab qoladi. Quyosh nurlari tayyor mahsulotlarga taʼsir qilmasligi uchun, suv yashil shishali idishlarga quyiladi.
«Chortoq» shisha idishli suvi sportchilar orasida ham mashhur: u mashgʼulotlardan keyin mineral-tuz muvozanatini tez tiklashga yordam beradi. Shifokorlar uni oshqozon-ichak trakti kasalliklarini davolash, qandli diabet profilaktikasi, operatsiyadan keyingi tiklanish davrlarida buyurishadi. Shuningdek, ushbu suvni yuqori aqliy faoliyat bilan shugʼullanadigan insonlar ham afzal koʼrishadi: sababi u asabiylik darajasini kamaytiradi va muhim vazifalarga diqqatni jamlashga koʼmaklashadi. Xuddi shu taʼsir jihatidan oʼquvchilarga ham tavsiya etiladi. Chortoq suvi tarkibidagi yod moddasi endokrin tizimiga ijobiy taʼsir koʼrsatadi. Har kungi oziq-ovqat mahsulotlarida ushbu mineralning kamligini inobatga olsak, «Chortoq» suvini profilaktika maqsadlarida ichish kattalar va bolalarga koni foydadir.