Oʼzbekistonning dongʼi chiqmagan maskanlari.
Chortoqqa sogʼliq izlab kelib, shifo topgan besh insonning hayratlanarli hikoyalari
Аksariyat chet elliklar Oʼzbekistonga Buyuk Ipak yoʼli shaharlarini tomosha qilish, qadimiy meʼmorchilik yodgorliklaridan bahramand boʼlish va lazzatli milliy taomlarimizdan tatib koʼrish uchun kelishadi. Lekin Oʼzbekistonda odamlar davolanish uchun boradigan joylar ham yoʼq emas. Toʼgʼri, ular Karlovы Varы yoki Truskavets singari mashhur boʼlmasa-da, lekin davolash samaradorligi boʼyicha ulardan hech ham qolishmaydi.
Аna shunday maskanlardan biri — Namangan viloyatining Chortoq tumanidir. Sobiq Ittifoq davrida bu yerda mashhur balьneologik kurort boʼlib Chortoq suvi faqat yuqori mansabli shaxslar dasturxoniga yetkazib berilardi.
«Chortoq kurortining moʼʼjizaviy mineral suvi» kitobida shifokorlar sihatgohda davo topib ketgan turli insonlar taqdiri haqida oʼz taassurotlari bilan boʼlishadi. Hikoyalarning baʼzilari moʼʼjizalarga va hattoki toʼqimalarga oʼxshaydi. Lekin koʼpgina tubjoy aholi vakillarining taʼkidlashicha, bir paytlar sihatgohda ilgaklar ilingan stend boʼlganligi haqiqat. Sihatgohga qoʼltiqtayoq, hassa va nogironlik aravachalarida kelganlar, davolash maskanidan chiqib ketayotganda, yordamchi vositalarini shu yerda qoldirib ketishgan. Xayratlanarlisi, ular oʼz oyoqlari yordamida yurib chiqishgan. Xoʼsh, bular qanday moʼʼjizaviy hikoyalar boʼldi ekan?
Sevimli kasbga qaytish
Moskvalik pianinochi Yelizaveta Sevari shifokorlar tomonidan qoʼyilgan deformatsiyalangan poliartrit tashhisini eshitib, sevimli ishidan voz kechdi. Uning mushaklari deformatsiyaga uchrab, har bir harakati ogʼriq keltirar edi. Shuning uchun sanʼatkor kamroq harakat qilishga urindi va sevimli musiqali asbobini ham unutdi. Oʼsha dam hayot toʼxtab qolganday edi goʼyo. Lekin «Chortoq» sihatgohiga olingan yoʼllanma uning hayotini butkul oʼzgartirdi: birgina davolash kursidan keyin u musiqa olamiga qaytdi va qadrdon pianinosini yana egalladi.
Baxtsiz hodisadan keyingi tiklanish
8 yoshli Sasha avtomobil halokatiga uchradi. Bolakay arang omon qoldi, lekin koʼkrak va bel qismidagi umurtqalari shikastlangandi, oyoqlari esa ishlamay qoldi. Organizmga putur yetishi va ruhiy zoʼriqish natijasida, siydik chiqarish va hojatga chiqish jarayonlari oʼziga boʼysunmay qoʼydi. Ikki yillik samarasiz davolanishdan keyin bolakay ota-onasi bilan «Chortoq» sihatgohiga keldi. Oltinchi shifobaxsh vannani qabul qilganidan keyin, Sasha xojatxonaga borish uchun ota-onasidan izn soʼradi. Quvonch yoshlarini yashira olmagan onasi bu haqda shifokorga xabar berdi.
Davolanish kurslari oxirida Sashaning peshob chiqarish bilan hojatga chiqish faoliyati butkul meʼyorga tushdi. Shuningdek, ota-onasiga suyanib boʼlsa ham yura boshladi. Davolanishning ikkinchi kursidan keyin Sasha sogʼayib, mustaqil yurib ketdi.
Poliomielit davosi
Permda tugʼilib oʼsgan Аlla maktab chogʼlarida poliomielit kasalligiga chalinib qoldi. 15 yil davomida ushbu xastalikdan qiynalib, faqat qoʼltiqtayoq yordamida harakatlandi. Bir kuni Аllaning onasi «Izvestiya» gazetasida Chortoqning moʼʼjizaviy suvi haqidagi maqolani oʼqib qolgach, qizini oʼsha joyga olib borishga ahd qildi. Yoʼllanma topgan ayollar Namangan viloyatiga kelishdi. Birinchi kursdan keyin Аlla bitta qoʼltiqtayoq bilan yura olishini his etdi. U sihatgohga kutubxonachi boʼlib ishga kirdi, keyinroq esa davolanishning ikkinchi bosqichidan ham oʼtdi. Shundan keyin Аlla qoʼltiqtayoqlardan butunlay voz kechdi, chunki endi bu yordamchilar unga kerak boʼlmay qoldi.
BTsF ning davosi topildi
Bir kuni sihatgoh ostonasiga pensioner Husanxoʼja aka bolalar serebral falaji xastaligidan aziyat chekayotgan oʼgʼlini koʼtarib keldi. Shukur 14 yoshda boʼlsa ham, ancha yosh koʼrinar va oʼzi mustaqil harakatlana olmasdi. Yurak-bagʼri ezilgan ota oʼgʼlining shu yerda sogʼayib ketishiga umid bogʼlab koʼz yosh toʼkdi. Shifokorlar oʼsmirni tekshiruvlardan oʼtkazib, davo muolajalarini buyurishdi. Birinchi kursdan keyin Shukur ikkita qoʼltiqtayoqqa suyanib yura boshladi. Bir yarim yil oʼtib esa, kursni yana bir bor takrorlashdi. Shukur birgina qoʼltiqtayoqqa suyanadigan boʼldi. Uchinchi kursdan soʼng yigitcha qoʼltiqtayoqdan voz kechib, faqat hassaga tayanib yurdi. Toʼrtinchi kursdan keyin Shukur hassasini sihatgoh ostonasida qoldirgancha, bu sehrli maskandan oʼz oyoqlarida ildam yurib chiqib ketdi.
Sogʼayib ketgach, u etikdoʼzlik kasbini egalladi va kombinatga ishga kirdi. Yillar oʼtib Shukur «Chortoq»da yana paydo boʼldi – faqat bu gal u xasta onasini davolatishga olib kelgandi. Shifokorlarga minnatdorchilik bildirib, ularning mehnatlari zoe ketmaganligini, oilali boʼlib, farzand koʼrganini hayajon bilan soʼzlab berdi. Аxir bu haqiqiy moʼʼjiza emasmidi?!
Onalik baxti
Feruza Gubaydullina Chortoq tuman kasalxonasida shifokor akusher-ginekolog boʼlib ishlardi. Turmushga chiqdi, lekin uzoq vaqt davomida homilador boʼla olmadi. Taqdir hazilini qarangki, koʼplab ayollarga baxt ulashib, chaqaloqlarning tugʼilishiga yordam bergan shifokorning oʼzi tirnoqqa zor edi. Feruza bora-bora taqdirga tan berdi va ayollarga yordam berishda davom etaverdi. Vaqt oʼtib «Chortoq» sihatgohiga ishga oʼtdi va bepushtlikdan aziyat chekayotgan ayollarning sogʼayib ketayotganligini koʼrib, oʼzi ham dardiga davo izlashga kirishdi. Natija esa uzoq ilhaq qilmadi: nihoyat, u homilador boʼldi va onalik baxtiga erishdi hamda shiringina qizaloqni dunyoga keltirdi.
1966 йилда Феруза «Чортоқ» сиҳатгоҳида ўтказиладиган даво муолажалари ҳақидаги номзодлик ишини ҳимоя қилди. Кейинроқ Фарғона водийсининг бошқа сиҳатгоҳига ишга ўтди ва 1974 йилда икки сиҳатгоҳдаги қиёсий даво усуллари ҳақида докторлик ишини ҳимоя қилди.
Chortoq tarixida ana shunday moʼʼjiza tufayli sogʼayib ketganlarning minglab voqealari va minglab minnatdorchilik xatlari mavjud. «Tabiat — eng yaxshi tabib», — deyishadi sanator-kurort majmuasining shifokorlari. Bu yerda tabiiy vositalar yordamida davolashadi, mineral vanna singari muolajalarni shifobaxsh ichimlik suvlari bilan hamohang ravishda olib borishadi «Suv boʼlsin», — deyishadi mahalliy aholi vakillari. Chunki Chortoq suvi chindan ham obihayot va salomatlik manbaidir.